mar 07 2024
“O‘zTTBRM” DUK jamoasi tashkilotimizda faoliyat olib borayotgan barcha xotin-qizlarni  “8-mart Xalqaro xotin-qizlar” kuni munosabati bilan tabriklaydi.

Siz, azizlarni, sizlar orqali yurtimizdagi barcha xotin-qizlarni; ayollarimizni, onalarimizni, opalarimizni, singillarimizni munis ayollar bayrami bilan chin qalbimizdan muborakbod etamiz.

Yaratganning buyuk moʻjizasi bo‘lgan, hayot davomiyligi va abadiyligini o‘zida mujassam etgan ayol zotini, tabarruk zotlarni ulug‘lar ekanmiz, o‘zining latofati va nafosati, vafo va sadoqati, qalb saxovati bilan oilani oila qiladigan, xonadonlarimiz bekasi va charog‘boni bo‘lmish siz, munis ayollarimizga har qancha tasannolar aytsak, sizlarni har qancha eʼzozlab, boshimizga ko‘tarsak, arziydi.

Sizlarni bayram bilan chin qalbimizdan tabriklar ekanmiz, umringiz uzoq, iqbolingiz ziyoda bo‘lsin! Barcha ezgu orzu-niyatlaringiz amalga oshsin! Doimo oilangiz va farzandlaringiz, el-yurtimiz ardog‘ida bo‘ling!

Barchangizga bayram muborak bo‘lsin!

fev 20 2024
Parvarishiga muhtoj 2 ming kishiga yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi

Raqamlashtirish hisobiga, o‘rnidan tura olmaydigan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz 2 ming kishiga yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Masalan, Navoiy shahrida yashaydigan nogironligi bor yolg‘iz ayolni 12 yoshli farzandi maktabga chiqmasdan parvarishlab kelayotgan edi.

Unga ijtimoiy ko‘makchi biriktirilib, uyida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgani sabab, farzandi maktabga chiqib, oilaning ijtimoiy ahvoli yaxshilanmoqda.

Ijtimoiy himoya tizimi bilan 250 ta xizmat qamrab olingan bo‘lsa-da, mahalladagi aholi ularning yarmidan ham bexabar. Masalan, nogironligi bor farzandini parvarishlash nafaqasini olishi mumkin bo‘lgan 33 ming ota-ona ushbu imtiyozdan foydalanmayapti.

fev 20 2024
UZTELECOMda raqamni saqlagan holda operatorni almashtirish xizmati endi mygov.uz portalida onlayn rejimda mavjud

Mobil aloqa operatori abonentlari bu voqeani juda uzoq vaqtdan beri kutishgan. Ha, endi hamma raqamni saqlab qolgan holda UZTELECOM mobil aloqa tarmog‘iga o‘tish imkoniyatiga ega!

Endi Siz operator ofisiga kelishingiz shart emas, balki my.gov.uz yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida onlayn ariza topshirishingiz mumkin.

fev 20 2024
Yandeks kompaniyasi rahbariyati bilan IT sohasida yoshlarimizga yuqori maoshli ishchi o‘rinlarini ko‘paytirish borasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Yandeks kompaniyasining Biznes guruhi bosh direktori Daniil Shuleyko bilan uchrashdi.
Unda hamkorlikda ishlashning strategik yo‘nalishlari, kompaniyaning O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar sohasini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, sun’iy intellektni rivojlantirish, elektron hukumat yo‘nalishida hamkorlik hamda IT ta’lim yo‘nalishida takliflar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar  yuqori baholandi. Jumladan, IT Parkning “Zero Risk” loyihasi kompaniy rahbariyatida katta qiziqish uyg‘otdi va shu mavzuga doir savol-javob o‘tkazildi.

Shu bilan birga, uchrashuvda Vazir mamlakatimizda aholi sonining oshib borayotgani, o‘z navbatida, ular uchun munosib ish o‘rinlarini yaratishni talab qilishini ta’kidladi.

IT mahsulotlarni ishlab chiqish va masofadan ishlashga bo‘lgan talab oshdi. Shu maqsadda O‘zbekiston mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarni masofadan turib ishlashga hamda ularni yuqori maoshli ishlarga jalb qilish bo‘yicha masalalar ham muhokama qilindi. 

O‘z navbatida, IT kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun soliq imtiyozlari haqida qo‘shimcha ma’lumotlar berilib, IT ta’lim yo‘nalishiga ham katta e’tibor qaratilayotgani aytib o‘tildi.

Kompaniya vakillari O‘zbekistonda IT sohasida qulay muhitni rivojlantirish borasida o‘z rejalari va dolzarb tashabbuslari hamda yangi loyihalar bilan o‘rtoqlashdi.

fev 13 2024
"Samsung Electronics" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

“O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasida "Samsung Electronics" kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda mehmonlar mamlakatimizda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berib, kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar haqida to‘xtalib o‘tishdi.