“Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi

apr 05 2024

Navbatdagi yalpi majlisda “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri Senat aʼzolari tomonidan muhokama qilindi.

Taʼkidlangandek, mazkur Qonun bilan aholiga va telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi subyektlarga bir qator qulayliklar yaratilmoqda.

Jumladan, bugungi kunda yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarning ayrimlarida tegishli infratuzilma ko‘zda tutilmagani sababli qayta qurilish ishlarini olib borishga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida bundan keyin bino va inshootlar qurilishida zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasi majburiy bo‘ladi.

Xususan, ko‘p qavatli uylarda yashovchilarning arizasi bo‘lganda xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga binoda mavjud infratuzilmadan beg‘araz foydalanish imkoniyati yaratiladi. Operatorlarga telekommunikatsiya infratuzilmasi obyektlaridan birgalikda foydalanishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, Qonun bilan telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi subyektlarga bir qator qulayliklar yaratilmoqda. Qonunga ko‘ra endi bank, to‘lov tizimi, to‘lov tashkiloti, elektron tijorat platformasi ilovalari orqali xizmatlarni ko‘rsatishda telekommunikatsiyalar sohasida faoliyat yuritish uchun litsenziya talab etilmaydi.

Shuni alohida taʼkidlab o‘tish joizki, Qonun normalari Konstitutsiyaga moslashtirilib, telekommunikatsiyalar sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratish ekanligi belgilab qo‘yilmoqda.

Senatorlar taʼkidlaganidek, Qonuni qabul qilinishi telekommunikatsiya infratuzilmasidan samarali foydalanish imkoniyatini yaratish orqali xizmatlar qamrovi va sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Muzokaralardan so‘ng Qonun maʼqullandi.