O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 30.10.2020 yildagi 680-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Raqamli texnologiyalar vazirligi) ning “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi telekommunikatsiya tarmoqlari va resurslarini boshqarish bo‘yicha ishchi organ etib belgilangan va quyidagi vazifalar yuklatilgan:
- telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish tizimiga kiruvchi operatorlar tarmoqlari va resurslarining samarali faoliyat yuritishi va ulardan oqilona foydalanish, zarur hollarda davlat va jamiyat uchun, favqulodda vaziyatlarda ulardan markazlashgan holda foydalanishni ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirish;
- xorijiy mamlakatlarning telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish markazlari bilan o‘zaro hamkorlikda O‘zbekiston telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish milliy markazi vazifasini bajarish;
- operatorlar telekommunikatsiya tarmoqlarining holati va sifatini maxsus vakolatli organ tomonidan belgilangan xizmatlar sifati standartlariga muvofiqligi ustidan tizimli monitoring olib borish;
- raqamlash sig‘imini, signalizatsiya punktlarining kodlarini ajratish uchun arizalarni qabul qilish, ko‘rib chiqish, shuningdek, ma’lumot xizmatlari uchun qisqa maxsus raqamlarni ajratish;
- O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmoqlarida xalqaro ovozli trafikni o‘tkazishda qonunchilik hujjatlari talablari buzilganligi holatlarini aniqlash va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish jarayonlarini avtomatlashtirish ishlarini tashkil etish;
- mobil qurilmani xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish;
- ko‘chib o‘tgan raqamlarni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash to‘g‘risidagi ma’lumotlarning markazlashtirilgan bazasi shakllantirilishi va ishlashini ta’minlash;
- operatorlarning telekommunikatsiya tarmoqlarini tezkor va texnik boshqarish, tarmoqlar holatining tizimli monitoringini olib borish va taqdim etilayotgan xizmatlarning sifat ko‘rsatkichlariga muvofiqligini baholash va telekommunikatsiya operatorlari tarmoqlarining ishlashi bo‘yicha xizmatlar ko'rsatish.