Senatorlar “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonunni ma’qulladilar

iyn 01 2023

Senatning qirq birinchi yalpi majlisida senatorlar ishni “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonunni ko‘rib chiqishdan boshladilar.

Ta’kidlanishicha, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan islohotlar bilan bir qatorda bugungi kunda ayrim yo‘nalishlarda muammolar saqlanib qolmoqda.

Jumladan, bir qator qonun hujjatlarida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida tushuntirish berilgan bo‘lsa-da, davlat organlari va muassasalarida ularni amalga oshirish va nazorat qilishning aniq mexanizmlari belgilanmagan.

Qolaversa, sohada yagona amaliyotni shakllantiruvchi vakolatli organ mavjud emas, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan. 

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunda davlat organlarining manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yoki uni bartaraf etish talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlari, shuningdek, ularning rahbarlari qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘lishi belgilangan bo‘lishiga qaramasdan, qonunchilik hujjatlarida javobgarlik masalalari nazarda tutilmagan.

“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun yuqoridagi muammolarni bartaraf etishi bilan birga korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi manfaatlar to‘qnashuvi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

O‘z navbatida, Senat Raisi ham qonun yuzasidan quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi.

Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p kuzatamiz, jamoatchiligimizning eng ko‘p e’tiborini tortadigan va e’tirozlarini keltirib chiqaradigan holatlardan biri bu – manfaatlar to‘qnashuvi holatlari amaldagi qonunchilikda taqiqlangan bo‘lsa ham, ularga nisbatan javobgarlik, huquqiy oqibatning yo‘qligi edi.

Endilikda mazkur Qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishidagi qonunchilikda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq bo‘shliqlar  yopilmoqda, bu yo‘nalishni qonunan tartibga soluvchi aniq mexanizmlar belgilanmoqda.

Manfaatlar to‘qnashuvining huquqiy oqibatlari belgilanmoqda, ya’ni bunday holatda qabul qilingan qarorlar va tuzilgan bitimlar sud hukmi orqali bekor qilinishi mustahkamlanmoqda.

Tabiiyki, bu  manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va shu orqali umuman korrupsiyaga qarshi kurash jarayonini faollashtirishga ham ijobiy ta’sir etadi. Zero, aynan manfaatlar to‘qnashuvi davlat organlaridagi korrupsiyaviy holatlarning boshlang‘ich nuqtasi hisoblanadi.

Mazkur Qonun bilan manfaatlar to‘qnashuvining tushunchasi, davlat xizmatchilarining majburiyatlari hamda uni tartibga solish bo‘yicha aniq mexanizmlar

belgilangan. 

Senatorlarning qayd etishicha, Qonun bilan uning qo‘llanilish doirasi aniqlashtirilmoqda.

Xususan, Qonun davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga, ustav fondida davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.

Shunindek, davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshlari, davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, o‘sha yuridik shaxs ushbu xodimga aloqador shaxs hisoblanishi mustahkamlanmoqda.

Eng muhimi, davlat tashkiloti faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishda vakolatli organlar belgilanmoqda. 

Endilikda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, davlat tashkilotlarining odob-axloq komissiyalari, kadrlar bo‘linmalari va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishni amalga oshiradigan organlar sifatida mustahkamlanmoqda.

Qonunda davlat tashkiloti xodimlariga nisbatan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlar, manfaatlar to‘qnashuviga oid talablarni buzganlikning huquqiy oqibatlari, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda qabul qilingan va tuzilgan bitimlarni sud tartibida haqiqiy emas deb topish asoslari, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik choralari belgilanmoqda.

Qonunning amaliyotga tatbiq etilishi manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishning aniq qonuniy mexanizmi belgilanishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, mazkur Qonunning qabul qilinishi natijasida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishda davlat nazoratining amalga oshirilishiga, davlat xizmatchilarining bevosita rahbarlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari yuzaga kelganda tegishli choralar ko‘rilishiga, davlat xizmatchilari tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldi olinishiga erishiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.