O‘zbekiston vakillari “M360 Eurasia” xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi

may 18 2023

Joriy yil 16-17 may kunlari Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida mobil telekommunikatsiya tarmoqlarining istiqbollariga qaratilgan “M360 Eurasia” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Mazkur konferensiya Azarbayjon Respublikasining raqamli rivojlanish va transport vazirligi va GSM xalqaro assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda, mamlakatning yirik mobil aloqa operatori bo‘lgan Azercell bosh homiyligida tashkil etilgan bo‘lib, unda mobil va raqamli maydonda ishtirok etuvchi hududiy va xalqaro ekspertlar, jahonning yetakchi mobil aloqa operatorlari rahbarlari qatnashdi. 

Kun tartibiga raqamli texnologiyalar barqarorligi, mijozlar bilan aloqalarni mustahkamlash, 5G va istiqboldagi infratuzilma, buyumlar interneti, mashina yordamida o‘qitish va sunʼiy intellekt, moliyaviy texnologiyalar, kiberxavfsizlik va boshqa dolzarb masalalar kiritilgan bo‘lib, mazkur sohalarda yechimini kutayotgan masalalar va yutuqlar haqida fikrlar almashildi. 

Konferensiyaning ochilishida “Azercell Telekom” MCHJ prezidenti Zarina Zeynalova xonim o‘z nutqida raqamli barqarorlikni taʼminlashda mobil aloqa operatorlari muhim o‘rin egallayotganiga urg‘u berib, “Mamlakatdagi uyali aloqa va aloqa xizmatlarining eng yirik provayderi sifatida biz murakkab raqamli ekotizimning asosiy ishtirokchilaridan biri hisoblanamiz. Ro‘y berayotgan voqealar ustida turib, biz dinamik o‘zgaruvchan texnologiya landshafti bilan bog‘liq istiqbolli afzalliklar va ko‘plab muammolar haqida noyob tasavvurga egamiz.” deya taʼkidlab o‘tdi. 

Konferensiyada 51 ta mamlakatdan 365 ta kompaniyaning 881 ta vakillari hamda 22 ta xalqaro ekspert o‘z maʼruzalari bilan ishtirok etdi. Konferensiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi vakillari GSM xalqaro assotsiatsiyasining vakillari bilan uchrashdi va hozirgi kunda mavjud muammolar va ularni bartaraf etish, sohadagi istiqbol rejalar va innovatsion yondashuvlar masalalari muhokama qilindi. 

GSM xalqaro assotsiatsiyasi 218 ta mamlakatning 800 dan ortiq mobil aloqa operatorlarini birlashtiruvchi tashkilot bo‘lib, GSM, 3G, 4G va 5G standartidagi 3 mlrd. dan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatadi, bu esa jahondagi mobil aloqa foydalanuvchilarining 86%ni tashkil etadi. 

Uchrashuv natijasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi vakillari va GSM xalqaro assotsiatsiyasi vakillari o‘rtasida o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi. 

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi vakillari joriy yil 17 may kuni Ozarbayjon Respublikasi raqamli rivojlanish va transport vazirligi huzuridagi “AzInTelecom”MChJ boshqaruvi Raisi Elxan Azizov bilan uchrashishdi va mobil qurilmalar ro‘yxatga olish sohasida o‘zaro tajriba almashinib, Tomonlarning kelgusidagi hamkorlik rejalari haqida kelishib olishdi. 

Mazkur uchrashuv doirasida O‘zbekistonda uyali aloqa darajasida firibgarlikka qarshi himoyani taʼminlash, mijozlarning shubhali harakatlarini aniqlash, frodga qarshi kurashish bo‘yicha tashqi tizimlarga buyruqlar yuborish, bank kartalari foydalanuvchilarining mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirishga qarshi kurashish yo‘nalishida foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatishni nazorat qilishi tizimi “Subscriber Control”, yaʼni abonent hodisalarini kuzatish platformasi, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmoqlarida xalqaro ovozli trafikni o‘tkazishda qonunchilik hujjatlari talablari buzilganligi holatlarini aniqlash va ular to‘g‘risidagi maʼlumotlarni olish jarayonini avtomatlashtirish, firibgarlik sxemalarida foydalaniladigan abonent telefon raqamlarini aniqlash va ularni o‘chirish, tarmoq tranzaksiyalari haqidagi maʼlumotlarni tahlil qilish, SIM-bokslar bilan bog‘liq firibgarlikning barcha holatlarni bartaraf etishga qaratilgan “AntiFROD” tizimlarining joriy etilayotganligi to‘g‘risida taqdimot namoyish etildi. 

Ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonda olib borilayotgan ishlar Ozarbayjon vakillarida qiziqish uyg‘otib, tizimlarning ishlash mexanizmi va texnologiyalari bo‘yicha fikrlar almashildi. 

“M360 Eurasia” xalqaro konferensiyasi xalqaro tashkilotlar va ekspertlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni tashkil etuvchi maydon hisoblanib, raqamli barqarorlikni taʼminlash yo‘lida poydevor platformasiga aylandi.