“Oila huquqi asoslari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

may 11 2023

Joriy yilning 11 may kuni “O‘zTTBRM” DUKning Normativ hujjatlar va sifat menejmenti bo‘limi hamda Yuridik byuro xodimlari hamkorligida 15 may – “Xalqaro oila kuni” munosabati bilan “Oila huquqi asoslari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Zoom platformasi orqali onlayn tarzda o‘tkazilgan mazkur davra suhbati Oila huquqi tushunchasi, Oilaviy munosabatlar va fuqarolik huquqi, Nikoh shartnomasi, Ota-onalik va uning huquqiy oqibatlari, Oila huquqining manbasi hamda mazkur mavzuda xalqaro amaliyotning huquqiy asoslari mavzularida olib borildi.

Tadbirda taʼkidlanishicha, oila jamiyatning birinchi va birlamchi bo‘g‘ini hisoblanadi. Shunga ko‘ra hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, oila fuqarolik jamiyatining tayanch nuqtasi, tayanch tuzilmasidir. Chunki bu muqaddas dargohda nafaqat inson dunyoga keladi, balki u maʼnan va ahloqan tarbiya topadi, demak, oila jamiyatning tabiiy hujayrasidir, ijtimoiy asosidir. Oila qanchalik mustahkam bo‘lsa, jamiyat ham shunchalik mustahkam bo‘ladi va tez rivojlanadi. Zero, jamiyat asosi – oila moddiy va ijtimoiy jihatdan mustahkamlanib borishi g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tgan davra suhbati davomida barcha xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tegishli javoblarni olib, oila va uning huquqiy asoslari borasidagi huquqiy bilimlarini oshirishdi.