mar 16 2024
“O‘zTTBRM” DUK xodimlari umumxalq xayriya hasharida faol ishtirok etmoqda

Obod yurtimizning fayzi, tarovati o‘zgacha. Zotan, ozodalik, poklik, saranjom va sarishtalik yurtimizning yana-da ko‘rkam bo‘lishiga zamin yaratadi. Bunda xalqimizning yillar davomida shakllangan ezgu qadriyati – hashar muhim o‘rin tutadi. 

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi asosida yurtimiz bo‘ylab, “Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki" shiori ostida umumxalq xayriya hashari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.

“O‘zTTBRM” DUK xodimlari ham tozalik va orastalikka, obodonchilik ishlariga alohida eʼtibor qaratib, umumxalq xayriya hasharida faol ishtirok etmoqda. Xususan, maʼmuriy bino joylashgan hududda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Xodimlar atrofda to‘planib qolgan chiqindilardan tozalab, oqartiruv va tozalash ishlarini amalga oshirishdi.

mar 13 2024
Radiochastota spektri va sunʼiy yo‘ldosh orbitalaridan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha ASHH komissiyasining 25-yig‘ilishi o‘z ishini boshladi

Joriy yil 11-15-mart kunlari Armaniston Respublikasining Yerevan shahrida  “Radiochastota spektri va sunʼiy yo‘ldosh orbitalaridan foydalanishni tartibga solish” bo‘yicha ASHH komissiyasining (RCHS va Yo bo‘yicha ASHH komissiyasi) 25-yig‘ilishi, shuningdek, uning (Radioaloqa assambleyasi va Butunjahon radioaloqa konferensiyasiga (BRK) tayyorgarlik bo‘yicha ishchi guruh, Radiochastota spektrini boshqarish bo‘yicha ishchi guruhi, Radioeshittirish bo‘yicha ishchi guruhi va ASHH Aloqa adminstratsiyasi 470-694 MHz chastota diapazonida «Jeneva-06» raqamli yer usti televizion eshittirish rejasiga qo‘shimcha kanallar bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha loyiha guruhining birgalikdagi yig‘ilishlari bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilish RCHS va Yo bo‘yicha ASHH qo‘mitasi raisi Butenko Valeriy Vladimirovich tomonidan ochib berildi. Shuningdek, Armaniston Respublikasi Yuqori texnologiyalari sanoati vaziri o‘rinbosari Pogosyan Avet Vilyamovich, ASHHning Ijroiya qo‘mitasi bosh direktori Borodin Aleksey Sergeyevich, XEI radioaloqa byurosining harakatdagi va turg‘un xizmat ko‘rsatish departamenti boshlig‘i Bogens Karlis Karlovichlar va yo‘ldoshli aloqa departamenti boshlig‘i Kadirov Timur Danilovich yig‘ilish ishtirokchilariga tabrik so‘zi bilan murojaat qildilar.

Yig‘ilishda Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi aloqa maʼmuriyatlarining 80 dan ortiq vakillari, shuningdek ASHH Ijroiya qo‘mitasi vakillari  va bir nechta xalqaro tashkilotlar vakillari kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda.

ASHH Komissiyasi va uning ishchi guruhlari yig‘ilishlari doirasida radioaloqa yo‘nalishidagi dolzarb masalalarini, ASHH mamlakatlarida raqamli yer usti televizion eshittirishning rivojlanish holati, Xalqaro bitim hisoblangan Radioaloqa Reglamentiga ilg‘or texnologiyalarini amaldagi texnologiyalarga halaqit bermagan holda turli xil shartlar bilan radiochastota polosasini ajratish uchun BRK-27 ning 30 yaqin kun tartibidagi masalalar bo‘yicha, ASHH aʼzo davlatlarning BRK-27ga taklif etayotgan hissalarini, murakkab relyefli joylarda chegaradosh davlatlar chastotalarni muvofiqlashtirish, ASHH Aloqa maʼmuriyatlarida joriy etilayotgan va rejalashtirilayotgan IMT tizimlari haqida va shunga o‘xshash 20 ga yaqin  muhim masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. 

O‘zbekiston Respublikasidan mazkur tadbirlarda Raqamli texnologiyalar vazirligi, «O‘zTTBRM» DUK, “UNICON.UZ” MCHJ, «EMMM» DUK mutaxassislari ishtirok etishmoqda.

 

mar 11 2024
Xalqaro anjuman doirasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 4-15 mart kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida Xalqaro elektraloqa ittifoqi (XEI) Standartlashtirish Byurosi 13 tadqiqot komissiyasining yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Avval xabar berganimizdek, mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari ham ishtirok etmoqda. 

Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bo‘lim boshlig‘i, XEI Standartlashtirish Byurosi 13 tadqiqot komissiyasi (Kelajak tarmoqlari) raisining o‘rinbosari O. Asadov va "O‘zTTBRM” davlat unitar korxonasi direktori U. Shakirov bilan XEI Standartlashtirish Byurosi 13 tadqiqot komissiyasi raisi Kazunori Tanikava va 13 tadqiqot komissiyasi  maslahatchisi Tatyana Kurakovalar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirishga va mustahkamlashga qaratilgan qator takliflarni muhokama qilishdi.

Uchrashuv yakunida esdalik sovg‘alari topshirildi.

mar 08 2024
O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro  anjumanda ishtirok etmoqda

Joriy yilning 4-15 mart kunlari Shveysariyaning Jeneva shahrida Xalqaro elektraloqa ittifoqi (XEI) Standartlashtirish Byurosi 13-tadqiqot komissiyasining yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur yig‘ilishda Raqamli texnologiyalar vazirligi bo‘lim boshlig‘i, XEI Standartlashtirish Byurosi 13-tadqiqot komissiyasi (Kelajak tarmoqlari) raisining o‘rinbosari O. Asadov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari ham ishtirok etmoqda.

Shuningdek, mazkur tadbirga XEI taklifiga binoan "O‘zTTBRM” davlat unitar korxonasi direktori U. Shakirov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.

Xalqaro tadbirga doirasida XEIning tegishli bo‘linmalari va tadqiqot komissiyalari bilan hamkorlikni rivojlantirishga va mustahkamlashga qaratilgan qator ushrashuvlar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

XEI (ITU — International Telecommunication Union) Birlashgan Millatlar Tashkilotining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi ixtisoslashgan tashkilotidir.

1865-yilda aloqa tarmoqlarida xalqaro ulanishni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan XEI global radio spektri va sunʼiy yo‘ldosh orbitalarini taqsimlaydi, tarmoqlar va texnologiyalarning uzluksiz ishlashiga imkon beruvchi texnik standartlarni ishlab chiqadi va butun dunyo bo‘ylab IT dan foydalanishni targ‘ib qiladi.

Bunda 193 ta davlat, 900 ga yaqin kompaniya, universitet va xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar XEI ning aʼzosi hisoblanadi. XEI shtab-kvartirasi Jenevada (Shveytsariya) joylashgan.

O‘zbekiston Respublikasi 1992-yil 10-iyuldan XEI ning to‘la huquqli aʼzosi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining XEI ga aʼzoligi xalqaro telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish, respublika telekommunikatsiya tarmog‘ining yagona norma va standartlar asosida faoliyat yuritish, xalqaro tarqatishda mamlakat manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha xorijiy davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish, radiochastota spektrini belgilash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun XEI texnik yordamini jalb qilish, IT mutaxassislarining malakasini oshirishda o‘zaro hamkorlik qilishga imkon beradi.

mar 07 2024
“O‘zTTBRM” DUK jamoasi tashkilotimizda faoliyat olib borayotgan barcha xotin-qizlarni  “8-mart Xalqaro xotin-qizlar” kuni munosabati bilan tabriklaydi.

Siz, azizlarni, sizlar orqali yurtimizdagi barcha xotin-qizlarni; ayollarimizni, onalarimizni, opalarimizni, singillarimizni munis ayollar bayrami bilan chin qalbimizdan muborakbod etamiz.

Yaratganning buyuk moʻjizasi bo‘lgan, hayot davomiyligi va abadiyligini o‘zida mujassam etgan ayol zotini, tabarruk zotlarni ulug‘lar ekanmiz, o‘zining latofati va nafosati, vafo va sadoqati, qalb saxovati bilan oilani oila qiladigan, xonadonlarimiz bekasi va charog‘boni bo‘lmish siz, munis ayollarimizga har qancha tasannolar aytsak, sizlarni har qancha eʼzozlab, boshimizga ko‘tarsak, arziydi.

Sizlarni bayram bilan chin qalbimizdan tabriklar ekanmiz, umringiz uzoq, iqbolingiz ziyoda bo‘lsin! Barcha ezgu orzu-niyatlaringiz amalga oshsin! Doimo oilangiz va farzandlaringiz, el-yurtimiz ardog‘ida bo‘ling!

Barchangizga bayram muborak bo‘lsin!